O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.
Prezidentimiz portreti poyiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi xodimlari, vazirlik va idoralar jamoalari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari yuksak hurmat bajo keltirib, gullar qo‘ydi.
– O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqillikka erishish, davlatni har tomonlama rivojlantirish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shdi. Islom Karimov boshlagan buyuk ishlar davom etishiga, O‘zbekiston yanada ravnaq topishiga ishonamiz. Islom Karimovning O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini izchil rivojlantirish yo‘lidagi ishlari va amalga oshirgan islohotlarini davom ettirib, o‘zaro hamkorligimizni yanada mustahkamlayveramiz.
– Islom Karimovning vafoti nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki boshqa mamlakatlar, xususan, Rossiya uchun ham og‘ir yo‘qotish bo‘ldi, – dedi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev. – Islom Karimov Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari va strategik hamkorlikning rivojlanishi hamda mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shdi. O‘zbekiston bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekani barchamizga ayon. Uning xotirasi O‘zbekiston xalqi yuragida umrbod muhrlanib qoladi. O‘zbekiston xalqi Islom Karimov tanlagan yo‘ldan og‘ishmay olg‘a borishiga ishonamiz. Uning oila a’zolariga, O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz.
– Barchamiz qattiq qayg‘udamiz, – dedi Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen. – Islom Karimov oilasiga va O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz. AQSH O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkoridir. O‘zaro aloqalarni davom ettirish tarafdorimiz. Xalqingizga sihat-salomatlik, farovonlik va barqarorlik tilaymiz.
– Shanxay hamkorlik tashkiloti nomidan butun O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, – dedi Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev. – Islom Karimovni yuksak hurmat qilar edik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti SHHTning tashkil etilishi, faoliyati ko‘lami kengayishiga har doim alohida e’tibor qaratar edi. Islom Karimovning bevosita tashabbusi bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi 13 yildan buyon muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston xalqi, ulkan yo‘qotishdan chekayotgan qayg‘ungizga sherikmiz.
Nigohlarida qat’iyat, ishonch va mehr balqib turgan Islom Karimovning suratiga qarab, shu zaminda yashayotgan har bir inson buyuk Prezidentimiz amalga oshirgan ezgu ishlar – xalqimiz uchun dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratilgani, qudratli davlatchiligimiz barpo etilgani, davlatimiz jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lganini yana bir bor his qilib, bularni ko‘z qorachig‘idek asrash, boshlangan ezgu ishlarni davom ettirishga mas’ul ekanini teran anglamoqda.
– Yurtboshimiz Islom Karimovning O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari, islohotlari yillar osha qadri oshib borishiga shubha yo‘q. Bu insonning xotirasini nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar ham mustaqilligimiz me’mori sifatida yuksak qadrlaydi. Islom Karimov – tinchlikparvar siyosatchi, buyuk davlat asoschisi sifatida jahon tarixida o‘chmas iz qoldirdi, – dedi poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Navoiy nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi Sa’dulla Nasriddinov.
– Prezidentimizning “Bizga tinchlik va omonlik kerak” degan ezgu da’vati O‘zbekiston onalarining dilidagi, tilidagi orzu-niyati bo‘lib kelgan, – dedi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Muxlisa Akromova. – Ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqargan Islom Karimov yurtimizda millatlar va fuqarolararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini qaror toptirdi, mustahkamladi. Bu barqaror muhit yurtimizda barcha sohalarda yuksak yutuq va natijalarga erishilishiga puxta zamin yaratdi. Biz buni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, kelajak avlodimizga tinch va obod Vatan qoldirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishimiz shart.
– Prezidentimiz Islom Karimov biz, yoshlarni farzandlarim, deb ataganlaridan doim faxrlanganmiz, – dedi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti 2-bosqich talabasi Omonulla Sobirov. – “Biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va kam bo‘lmaymiz”, degan da’vatlari bizni doim olg‘a intilishga undaydi. Yurtboshimizning pok ruhi, o‘gitlari biz, yoshlarga mustahkam tayanch bo‘ladi. Biz u kishining munosib izdoshlari bo‘lishga va’da beramiz.
Yanada qiziqarli yangiliklar Lorem.uz saytida